‒ Xorazm Maʼmun akademiyasi va Xiva “Ichon-qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlardagi qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalar tadqiq qilinadi, sharq qo‘lyozmalari va toshbosma asarlarining katalogini yaratiladi; ‒ qadimiy yozma noyob manbalarni tadqiq qilish va manbalarning asliyatdagi ilmiy izohli matnini nashr etishga imkoniyatlar yaratiladi; ‒ manbalarning ilmiy-izohli tarjimasini nashr etish tizimlashtiriladi; ‒ raqamlashtirilgan biblioteka yaratilib, tadqiqotlar natijalaridan o‘quv jarayonida foydalanish orqali fan va taʼlim integratsiyasini tashkil qilinadi; ‒ qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini yaratish va xorijiy ilmiy dargohlar bilan ilmiy manbalarni ayirboshlash ishlarini amalga oshiriladi; ‒ qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish orqali fan va taʼlim integratsiyasini tashkil qilishga erishiladi. 2017 yil 24 maydagi “Qadimgi yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘rsida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2995-son qarorida to‘g‘ri ta'kidlanganidek, mustaqillik yillarida xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma'naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu an'analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi va izchil davom ettirilmoqda. Ushbu loyiha, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 9 iyuldagi “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini ta'minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli qarori bilan belgilangan topshiriqlarni bajarilishiga qaratiladi. Ayni vaqtda ma'naviy-ma'rifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Bu borada nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida g‘oyat noyob hisoblangan, YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qo‘lyozmalar fondiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, shuningdek, qadimiy yozma manbalar fondiga ega bo‘lgan muassasalar (jumladan, Xorazm Ma'mun akademiyasi) faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ushbu nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari oldida tarixiy manbalar bilan ishlash uchun mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga qulay sharoitlar yaratish, tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini har tomonlama chuqur o‘rganish, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning jahon ilm-fani va sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini targ‘ib etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, avvalo, yosh avlodimizni xalqimizning buyuk ma'naviy merosiga hurmat, ona yurtimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarning natijadorligini tubdan oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalar turibdi. Taqdim qilinayotgan loyiha Xorazm Ma'mun akademiyasi va Xiva “Ichon-qal'a” davlat muzeyi fondida mavjud qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratishga qaratiladi.